O‘zbekistonlik SMMchilar bilan suhbatlashishdi: Qanday qilib SMMchi bo‘lish mumkin?

SMM — Social Media Marketing sohasi yurtimizda ham ancha rivojlanib, turli bizneslar uchun mijozlar topish hamda ular bilan ijtimoiy tarmoqlar orqali muloqotni qurishda yordam bermoqda. Umuman olganda, bu kasb — juda yangi va deyarli barcha SMM agentliklarda sohani yaxshi tushunadigan xodimlarni topish muammo hisoblanadi.

Yangi SMM menejerlarning yetishib chiqishiga oz bo‘lsa-da hissa qo‘shish uchun, Like IT nashri bir nechta o‘zbekistonlik SMMchilar va faoliyatining bir qismi shu sohaga oid yetakchi mutaxassislar bilan bog‘lanib, qanday qilib SMMchi bo‘lish mumkinligi haqida quyidagi savollarga javob oldi:

  1. SMM menejer — kim o‘zi? Nima ish qiladi?
  2. O‘zbekistonda SMM menejerning maoshi necha puldan necha pulgacha?
  3. Necha yildan beri SMM bilan shug‘ullanasiz va bu qanday boshlangan?
  4. SMM bilan shug‘ullanishni boshlamoqchi bo‘lganlar nimalarni o‘rganishlari kerak va qanday boshlash mumkin?

Samira Aslanova

Samira Aslanova (@samiraaslanovaa)

8BIT reklama agentligida akkaunt menejer, Telegram’dagi “SMMщики Ташкента” guruhi administratori.

1. SMM menejer yoki ko‘pchilik aytishga odatlangandek “smmshik” — bu ijtimoiy tarmoqlar doirasida brendni tanitish bilan shug‘ullanadigan mutaxassis.

2. Reklama agentliklari yoki biror kompaniyalarda faoliyat olib borayotgan SMM menejerlar oyiga 1 million so‘mdan 4,5 million so‘mgacha maosh olishadi. Shuningdek, masofadan turib ishlaydigan SMM menejerlar ham bor, ular frilanserlar deyiladi. Frilanser SMMchilar esa ish tajribasi va bilimlariga qarab, har bir loyihadan oyiga 800 ming so‘mdan 2,4 million so‘mgacha ishlab topadi. Shunga muvofiq, ularda qancha ko‘p loyihalar bo‘lsa, shuncha ko‘p pul topishadi.

3. Barchasi ikki yarim yil avval sevimli aktrisam Odri Xepbern haqida havaskor sahifa yuritshimdan boshlangan. Facebook’dagi ko‘p imkoniytalarni shu sahifa orqali o‘rganganman.

4. Boshlanishiga, muloqot qilishingiz kerak bo‘lgan auditoriya tilining grammatikasini yaxshi o‘rganishingiz zarur. Ijtimoiy tarmoqlarda xato yozganingiz kechirilmaydi, bundan tashqari, xato yozib, sahifasini yuritayotgan brendingiz obro‘sini ham tushirishingiz mumkin. Mashhur brendlarning sahifalarini, sahifa yuritish strategiyasini, maxsus dizayn stilini va albatta, kontentini doimiy o‘rganib borish ham kerak. SMM bilan shug‘ullanishni esa havaskor sahifalar yuritish yoki reklama agentligida tajriba oshirish bilan boshlash mumkin.

Davronbek Rustamov

Davronbek Rustamov (@Rustamov.Davronbek)

Dekos kompaniyasida SMM va Telegram mutaxassisi. “Telegram для продвижения” guruhi asoschisi.

1. SMM-mutaxassis — u taqdim etayotgan kompaniyaning vakili desa bo‘ladi. Kompaniyani odamlarga tanitadi va unga (kompaniyaga) bo‘lgan munosabatni yaxshi hamda undan yuqoriroq bo‘lishini ta’minlaydi. Bir necha ijtimoiy tarmoqlarda odam ko‘pligi [масса людей] va kompaniya o‘rtasidagi o‘zaro iliq munosabatlarni yaratishi hamda shu darajada ushlab turishi kerak bo‘ladi.

2. SMMchining maoshi — tajribasi, professionalizmi va nihoyat dadilligiga qarab, 100 AQSh dollaridan boshlab to cheksiz miqdorgacha 🙂

3. Ikki yarim yildan beri SMM bilan shug‘ullanaman. InJoy.uz loyihasidan ishni boshlaganman.

4. Kerakli, taniqli SMM haqidagi kitoblar, maqolalar, yangiliklar bilan tanishish va doimo tanish bo‘lish lozim. Va, maslahatim, mashhur katta-katta kompaniyalarni SMM yuritishlarini kuzatib, o‘ziga bir-ikkita yoqgan kompaniyalarning SMM yuritishlarni tanlab, doimo obuna bo‘lib ilhomlanish — yaxshi deb o‘ylayman. Misol uchun, menga Ucell kompaniyasining SMM yuritishi yoqadi.

Humoyun Aminov

Humoyun Aminov (@aminovkh)

Korzinka.uz supermarketlar tarmog‘ida digital-marketing menejeri.

1. SMM menejer — brendni ijtimoiy tarmoqlarda reklama qilib, imidjini ushlab turish va oshirishga yordam beradi.

2. SMMchilarning maoshi 1 milliondan so‘mdan boshlanadi deb o‘ylayman.

3. SMM bilan 5 yildan beri shug‘ullanaman. Only in Uzbekistan degan ko‘ngilochar sahifadan boshlaganman, keyin Uzbek MDK sahifasini yuritishda yordam berganman.

4. O‘ylaymanki, SMMchi bo‘lish uchun, birinchi navbatda inson o‘zi o‘ylashi kerak, kreativ va internetda yangi chiqayotgan trendlardan qolib ketishi kerak emas.

Akmal Raimov

Akmal Raimov (@AkmalRaimov1)

AFRICA agentligi rahbari.

Ijtimoiy media marketing sohasiga 5 yil avval kirib kelganman. Vebsayt yuritish bilan bir vaqtda biz Twitter, Odnoklassniki.ru va Facebook kabi ijtimoiy tarmoqlardan faol foydalanar edik. Ularning ichida, ayniqsa, Twitter asosiy vosita edi. Biroz muddat o‘tgach, jamoadan ketib, bir necha shaxsiy loyihalarim (kvestrumlar, do‘konlar, gullar saloni)ni yurita boshladim. O‘tgan muddat davomida ko‘p narsalar o‘zgardi. Ayni damda AFRICA SMM-agentligining rahbariman.

SMM-menejer — bu har tomonlama ko‘pqirrali: yuqori malakali kopirayter, mukammal didli dizayner, mijozlar bilan muoamalada kirishimli, ijodkor va ko‘nikmalarni tez o‘zlashtiradigan inson bo‘lishi kerak. Malakasi qanchalik yuqori bo‘lsa, xodim shunchalik qadrli bo‘ladi. Agentligimizdagi SMM-menejerlar matn yozishmaydi, dizayn chizishmaydi, xodimlarimiz tayyor mahsulotni mijozlardan tasdiqlatib, ular bilan kelishishadi. Agar suratdagi shrift SMM-menejerga yoqmasa, tabiiyki, u mijozgacha yetib bormaydi va sahifada e’lon qilinmaydi. Shu tarzda har bir loyiha ustida 4 ta mutaxassis: SMM-menejer, dizayner, kopirayter va tarjimon ish olib borishadi.

SMM-menejerga qancha maosh to‘lanadi? Hammasi juda oddiy: xodim qanchalik qadrli bo‘lsa, uning maoshi ham shunchalik yuqori bo‘ladi. Yangi xodimlar avvalgi ish joyidan qat’iy nazar belgilangan tartibda 1 000 000 so‘m maosh oladilar. Ammo agar xodim birinchi kundanoq o‘zining professional qobiliyatlarini ko‘rsata olsa, birinchi ish haftasidan keyinoq maoshi 2 barobar oshirilishi mumkin. Biz doim ko‘proq to‘lashga tayyormiz. Biroq xodim olayotgan maoshining miqdori va nima uchun olayotganini teran anglashi lozim.

Aksariyat SMM mutaxassislar iqtidorli insonlar sanalishadi. Iqtidorli odam hamma sohada (bir vaqtning o‘zida dizayner, kopirayter va tarjimon) iqtidorli bo‘lishi kerak. Lekin bir paytning o‘zida turli soha yo‘nalishlaridagi ishlar bilan shug‘ullangan mutaxassis vaqt yo‘qotadi. Bu esa uning mehnat unumdorligiga ta’sir etmasdan qolmaydi.

Biz AFRICA – alohida-alohida mehnat faoliyati tarafdorimiz. Har kim o‘zi kuchli bo‘lgan mehnat faoliyati bilan shug‘ullanadi. Boshlovchi mutaxassislarga maslahatim: o‘zingizning kuchli tomonlaringizni toping va ularni rivojlantirishga katta e’tibor bering. Iqtidoringiz – sizning birlamchi  ustunligingizdir.

Rivojlaning! Kelajakda SMM qay darajada o‘zgarishini hech kim oldindan taxmin qila olmaydi. So‘nggi 5 oy mobaynida ayni soha so‘nggi 5 yildagiga nisbatan ancha o‘sishga erishdi. Tayyor turing.

Farhod Fayzullaev

Farhod Fayzullaev

Sandbox Brand Marketing (Kanada), Digital Account Manager.

1. SMM — bu kompaniyaning maqsadlariga ijtimoiy tarmoqlar yordamida erishish. Masalan, maqsad brendni tanitish, brendga loyallikni oshirish yoki kompaniya ishlab chiqargan mahsulot sotuvini ko‘paytirish. Bu maqsadlarga ijtimoiy tarmoqlar yordamida erishish — SMM.

2. Hozir O‘zbekistonda bo‘lmaganim uchun, aniq ma’lumotga ega emasman. O‘rtacha oylikdan kelib chiqqan holda 1,2 million va undan yuqori bo‘lsa kerak, deb o‘ylayman.

3. Men faqat SMM bilan, SMM-menejer sifatida ishlamaganman. Ammo barcha loyihalarim uchun ijtimoiy tarmoqlar bilan ishlaganman. Biznesda ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishni 2011-yilda boshlaganman, adashmasam.

4. Menimcha, SMM menejerning avvalo dunyoqarashi keng bo‘lishi kerak va fikrlarini yozma ifoda eta olishni bilishi zarur. Chunki ijtimoiy tarmoqlarda o‘zimizga o‘xshagan odamlar o‘tiradi va ularga o‘z fikrimizni (messedjimizni) aniq-tiniq yetkazishimiz kerak.

manba: Likeit.uz

(Visited 8 times, 1 visits today)

Читайте также:

Добавить комментарий

Ваш e-mail не будет опубликован. Обязательные поля помечены *