Biz «tibbiyot — bu imkon qadar ko’p aholini qamrab oluvchi umumiy, ommaviy qarorlar» ekaniga allaqachon ko’nikib bo’lganmiz: hammaga dispanserizatsiya va bir xil muolajalar. Eng qizig’i, sizning haqiqatda kasal yo kasal emasligingiz u qadar muhim emas. G’arbda esa odamlar o’z hayotini family doctors (oilaviy shifokorlar)siz tasavvur qila olmaydi: bir shifokor nafaqat sizning barcha tashxislaringni biladi, balki ularni ota-onangiz, ba`zan esa buvi va buvalaringizning kasalliklar varaqasidan kelib chiqib qo’yadi. Bugungi kun texnologiyalari tufayli dunyoning har qanday mamlakatida shifokor nazorati ostida bo’lish va yanada aniq tashxis uchun biryo’la bir necha shifokor bilan maslahatlashish imkoni paydo bo’ldi. Forbes.ru shu haqidagi ma`lumotlari bilan bo’lishdi.

Barchamiz borgan sari odamlarning qo’llarida salomatligimizni nazorat qilishga yo’naltirilgan turli tibbiy bilaguzuklar, fitnes-treklar, puls o’lchagichlar va boshqa qurilmalarni ko’rmoqdamiz. Bugungi kunda tibbiy gadjyetlar bozori mutlaqo turlicha qurilmalarni taklif qilmoqda. Ular kundalik faollikni o’lchash, uyqu fazalarini tahlil qilish, arterial qon bosimini o’lchash va hatto kislorod bilan to’yinish darajasiga doir ma`lumotlargacha berishi mumkin.

Olib yuriluvchi qurilmalar tibbiy gadjyetlar bozorida sekin-asta o’z o’rnini egallab bormoqda: 2016 yilda taxminan 8 million shunday gadjyet sotilgan bo’lsa, 2021 yilga borib ularning soni 30 milliondan oshishi kutilmoqda.

Mazkur qurilmalardan olinadigan ma`lumotlar gadjyet egasining telefonida saqlanib qoladi. Yangi avlod qurilmasi olingan ma`lumotni darhol tahlil qilish va yanada aniq tashxis qo’yish, shuningdek davolash muolajalarini to’g’ri tashkillashtirish imkonini beradi.

Oddiy bilaguzuk yoki boshqa gadjyet mijozning odatlarini o’rganish, uning sog’lig’idagi ehtiyojlar haqida ma`lumotga ega bo’lish va har qanday shifokorni aynan sizga mos turmush tarzini belgilab bera oluvchi oilaviy shifokorga aylantirish imkonini beradi. Elektron qurilma bemordan farqli o’laroq, davolovchi shifokorni alday olmaydi, shunday ekan, davolash sifati ancha yuqori bo’ladi. Bundan tashqari, bu surunkali kasalliklarga duch kelgan bemorlarni monitoring qilishning samarali uskunasidir. Qurilmalardan olingan signallar kasallikning avj olishi yoki og’riqlarning oldini olishga imkon beradi.

Bilaguzuk va gadjyetlardan foydalanish nafaqat  bizni XXII asrga olib kiradi, balki shifokorlar va sug’urta kompaniyalari xizmatlari narxini yanada aniq hisoblashga yordam beradi.

Ko’p xorijiy shifokorlar olib yuriluvchi qurilmalarni o’z ishida qo’llashmoqda va bemorlar sog’lig’ini nazorat qilishmoqda, shu bilan birga, ularga muvofiq turli imtiyozlar yaratishmoqda. Masalan, 10 ming qadam bosgan bo’lsangiz, keyingi yilda sug’urta narxi bir necha barobar arzonga tushadi. Har safar mijoz muayyan maqsadga erishganda mukofot hajmi qisqaradi.

Bunday qurilmalarning joriy qilinishi va olingan ma`lumotlarning tahlil qilinishi so’nggi vaqtlarda ayniqsa G’arbda faol rivojlanayotgan teletibbiyot rivojiga yangicha nafas bag’ishlaydi. Shifokorlarning onlayn-maslahatlari chekka aholi punktlariga ham tibbiy yordam ko’rsatish bilan bir qatorda tibbiy xizmatlar xarajatlarini sezilarli ravishda kamaytirish imkonini beradi.

manba: Kun.Uz